Do'kon

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini yillik 16 foiz darajasida qoldirdi

Markaziy bank Boshqaruvining 2019 yil 20 iyuldagi qarori bilan qayta moliyalash stavkasi yillik 16 foiz darajasida o’zgarishsiz qoldirildi.

Markaziy bank Boshqaruvining mazkur qarori iqtisodiyotda inflyatsion xatarlarning saqlanib qolayotganligi hamda kreditlar uchun resurslar manbalarini shakllantirishda davlat mablag’laridan an'anaviy bozor instrumentlariga o’tish zaruriyati yuzaga kelgan sharoitida banklardagi uzoq muddatli jamg’armalar va ular ulushining oshishi sur'atlarini mustahkamlash vazifalaridan kelib chiqib qabul qilindi.

Joriy yilning I yarim yilligida avval e'lon qilingan ikkita press-relizlarda nazarda tutilgan ayrim inflyatsion xatarlarning yuzaga kela boshlaganligini inobatga olib, inflyatsiya prognozi 13,5-15,5 foiz oralig’ida o’zgarishsiz qoldirildi.

Joriy yilning I yarim yilligida iste'mol narxlari oshishi 5,6 foizni tashkil etib, 2018 yilning mos davridagi ko’rsatkichdan 0,6 foiz bandga past bo’ldi.

Inflyatsiya asosan oziq-ovqat tovarlari va xizmatlarning bozor narxlari oshishi ta'sirida shakllangan bo’lsa, ma'muriy tartibga solinadigan xizmatlar tariflari va nooziq-ovqat tovarlari narxlarining yuqori darajada oshmaganligi inflyatsiyaning keskin o’sishining oldini oldi. Shu bilan birga, energiya resurslari tariflari oshirilishining oldin e'lon qilingan muddatga nisbatan keyinga qoldirilishi ham mazkur davrda inflyatsiya darajasining kutilgandan past darajada shakllanishiga xizmat qildi.

Yillik hisobda inflyatsiya darajasi 13,6 foizni tashkil etib, bazaviy prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin darajada saqlanib qoldi. Bunda, yillik inflyatsiya darajasi oxirgi 5 oy davomida 13,5-13,7 foiz oralig’ida saqlanib qoldi.

Markaziy bank hisobotida ta’kidlanishicha, mavjud inflyatsion xatarlarning amalga oshish ehtimolligi hisobga olinib, 2019 yil oxiriga inflyatsiya prognozi 13,5-15,5 foiz darajasida o’zgartirishsiz saqlab qolinmoqda.