Do'kon

Adolf Gitlerning onasi kim bo’lgan?

  • Bo'lim: BLOG

O’tgan asrda dunyo ahlining ko’z o’ngida zolim, shafqatsiz, vahshiy shaxs sifatida namoyon bo’lgan Adolf Gitlerning shaxsiy hayoti haqida ko’pchilik ma'lumotga ega bo’lmasligi mumkin. Shuning uchun biz tarixga qaytib, zolimning onasi qanday inson bo’lgani, o’zining bolaligi qanday kechgani, maraz hukmdor sifatida dunyo sahnasiga chiqishiga nima turtki bo’lgani va hokazolar haqida qisqa ma'lumotlar berib o’tishni lozim topdik.

Gitlerning onasi - Klara Gitler

Klara Pyolsl (Gitler) Avstriyaning Spital shahrida 1860 yili dunyoga kelgan. Ota-onasi o’n bir farzand ko’rgan. Ammo o’lib-o’lib uchtasi qolgan xolos. Klara o’sha uch bolaning biri edi. Qolgan ikki farzand Ioganna va Tereziya degan qizlar edi.

1876 yili Klara o’n olti yoshga to’ldi va oilaviy fermani tark etib, Braunau-na Innega ko’chib o’tdi. U yerda amakivachchasi Alois Gitlerning oilasi yashardi. Aloisning asl familiyasi Shikelgruber bo’lgan. U Anna degan ayol bilan yashar, bu ayol salomatligi yomonligi sababli Aloisga farzand hadya etish imkoniyatidan mahrum edi. Shuning uchun Alois Fransiska Matselberger degan xizmatchi ayol bilan uchrasha boshladi. Keyinchalik bu ayolning katta merosga ega ekanidan xabar topgach, Alois zudlik bilan familiyasini Gitler qilib o’zgartirdi.

Klara bu xonadonga kelgach, Fransiska uni raqiba sifatida ko’ra boshladi. Sezdiki, aynan u Aloisni tortib olishi mumkin. Shu sababli Klaraning uydan ketishini talab qila boshladi. Klara ketdi. Fransiska esa keyinchalik Aloisga ikki qizni hadya etdi. Biroq oradan ma'lum vaqt o’tgach, sil kasaliga uchrab olamdan o’tdi. Alois shu zahoti Klarani uyiga qaytardi.

Ular turmush qurishdi. Fransiskadan qolgan ikki qizga endi Klara qaray boshladi. Lekin taqdir ekan, ikkalasi ham difteriyaga uchrab tez orada vafot etdi. Alois esa Klara yaqin qarindoshi bo’lishiga qaramay, u bilan nikohdan o’tdi. Klara unga uch farzand tug’ib berdi. Ammo ular ham turmadi. 1889 yil 20 aprelida Klara to’rtinchi farzandini dunyoga keltirdi. Unga Adolf deya ism berishdi. To’g’ri, Adolfdan keyin ham yana bir farzand ko’rdi. Biroq bu farzandi ham olamdan o’tdi.

Gitlerning bolaligi

1895 yili - Adolf Gitler olti yoshga kirganda, otasi Alois davlat xizmatidan ketdi. Shundan keyin Aloisning ishlari yurishmadi. Hali fermerlik, hali boshqa ishlarga qo’l urdi. Oxiri mehmonxonalar barlarida ichkilik ichib vaqt o’tkazadigan bo’ldi.

Bundan tashqari, Alois juda qattiqqo’l er va shafqatsiz ota edi. Gitler yolg’iz farzandi bo’lishiga qaramay, bolalik chog’larida ko’p marotaba kaltaklagan. Arzimas xatosi uchun ham Adolf Gitler otasi tarafidan shafqatsizlarcha kaltaklanardi.

Klara Gitler qanday ayol bo’lgan?

Bu oilaning vrachi hisoblangan Eduard Blox shunday yozadi:

- Klara Gitler juda soddadil, oddiy, kamtar ayol edi. U baland bo’yli, sochlarini chiroyli turmaklab yuradigan, moviy ko’zli ayol edi. Adolf onasining suyuklisi bo’lishiga qaramay, mustaqil edi. Hech qachon onaning ko’magiga muhtojlik sezmasdi. Har bir ishni qo’lidan kelsa-kelmasa, o’zi mustaqil tarzda amalga oshirardi.

Gitler tarjimai holini yozgan Yan Kershou shunday degandi:

- Klara zolim erining soyasida yurishga mahkum bo’lgan. Uning o’limidan keyin esa Adolfni yo’qotishdan qo’rqishi tufayli uni haddan ziyod erkalatishga odatlangan…

Alois haqiqatan shafqatsiz ota edi. Bu haqda Gitlerning o’zi ham esdaliklarida shunday yozgandi:

- Bir kuni «Karl Mey» asarida o’qib qoldim. Jasur odam hech qachon og’riqlarga bo’yin egmasligi kerak ekan. Shundan keyin otam kaltaklasa, miq aytmaydigan bo’ldim. Aksincha necha marta menga kaltak yog’dirganini sanab turdim…

Ha, kunlarning birida otam meni yana kaltakladi. Yig’lamadim. Onamga otam meni roppa-rosa 32 marta urganini aytdim. Men otamni hech qachon yoqtirmaganman. Faqat qo’rqardim.

Adolf Gitler onasi zolim er dastidan azob chekishlariga ham guvoh bo’lgan. Shu ham otasiga bo’lgan nafratini orttirsa orttirganki, kamaytirmagan.

Zolim erning zulmlari Klara Gitlerning salomatligiga ham ta'sir ko’rsatmay qolmagandi. Kuyishlar, xo’rlanishlar bu ayolni saraton xastaligiga duchor etdi. Klara saraton xastaligi bilan uzoq vaqt olishdi. 1907 yil 21 dekabr kuni baribir xastalik zo’r keldi va Klara olamdan o’tdi.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, Adolf Gitler onasining o’limiga to o’zi o’lguncha ham tan bera olmagan. Hatto, 1945 yil sobiq sovetlar Ikkinchi jahon urushida g’alaba qozonib, Berlinga kirib kelgach, o’lish arafasida ham qo’lida onasi Klaraning suratini tutgan holda jon taslim qilgan.

Manba: Hordiq.uz