Do'kon

Dahshatli tush

  • Bo'lim: BLOG

Junayd Suavi

Bolaligimdan, tor joylardan o’tsam siqilardim va dod, deb uzoqlashardim. Keyinchalik, buning kasallik ekanini angladimu, lekin bu darddan xalos bo’la olmadim. Holbuki, endi istamasam ham diqqinafas, tor joyda yotibman. Meni o’rab-chirmab, uzun tobutga joylashtirishdi. Atrofimda o’ralashayotganlarning ovozini juda yaxshi eshitib, ko’zlarim yumuqligiga qaramay, har qanaqasiga ularni ko’ra olyapman.

- Yoshgina o’ldi, sho’rlik, derdilar. - Hali qilishi kerak bo’lgan ishlari ko’p edi.

Chindan ham ko’p ishim yarim qolgan. Masalan, o’g’limga yaxshi bir ish ochib berishga ulgurmadim. Avtomashina va televizorimning to’lovlaridan qutulmagan edim. Katta firma ochib, do’stlarim bilan birga ishlash ham endi armonga aylangan. Buning ustiga qish yaqinlashgan, o’tin-ko’mir ishlarini hal qilmagandim, chakka o’tgan joylarni tuzatmagandim.

Yarim qolgan ishlarimni ketma-ket sanayotib, quloqlarimni teshib o’tgan ovozdan sergak tortdim. Xuddi mikrofonda gapirilayotganday bu ovoz miyamning burchak-burchaklarida aks sado berardi.

- O’tdi! Endi hammasi orqada qoldi!, derdi chinqirayotgan tovush. “Koshki o’tmagan bo’lsa edi”, derdim. Bu falokat, qayerdan keldi, bilmayman! Vaholanki, avtomashinani juda ehtiyotkorlik bilan boshqarardim.

Bo’lib-o’tgan voqealarni eslashga urinar ekanman, do’stlarim atrofimni o’rab, men yotgan tobutni yopayotganini bildim. Ularni to’xtatish uchun ovozim boricha baqirib, yer tepib qarshilik qilishni istasam-da, na qimirlay olaman, na ovozim chiqadi.

Birozdan keyin quyuq qorong’ulikda qolib, ko’zlarimni tobut taxtalari orasidan sizib chiqqan nurga tikdim. Dahshat ichida:

- Yo Alloh!, dedim. - Holim ne kechadi endi? Qo’rquvdan hech narsani o’ylayolmayapman. Bu orada meni yelkalariga ko’tarib, chayqatib-chayqatib elta boshlashdi. Tashqaridan eshitilayotgan ovozlarga ko’ra, yomg’ir yog’ayotgan, tobut tomchilari yog’ochga singib ketardi. Menimcha, janoza namozi uchun masjidga ketayotgan edik. Masjid deganda, birdan esladim. Shundoqqina uyimning yaqinida joylashgan, har kuni besh mahal da’vat qilinishimga qaramay, hech vaqt topib unga kirmasdim. Ammo ellik yoshga yetganimda, namoz o’qishni boshlab, hammaning shikoyatiga sabab bo’lgan yomon odatlarimni tashlashga ahdim bor edi. Ha-ha, shu halokatga uchramasam edi, kelajakda bir yaxshi inson bo’lardim. Avvalroq eshitganim va qaerdan kelayotganini aniqlayolmayotganim, ovoz:

- Kechdi-ketdi!, deya takrorladi. - Hammasi tugadi!

Janozam o’qildi, meni yana yelkalariga ko’tarishdi. Mahallamizdagi choyxona oldidan o’tayotganimda, har kuni birga narda o’ynaydigan sheriklarimning zavqli qah-qahalarini eshitib: “O’lganim xabarini eshitmagan ko’rinishadi” deya o’yladim.

Ovozlar uzoqlashib, qabristonga chiqadigan tepalikni oshib o’tayotganimizni bildim. Shiddatli yomg’ir tobutning oralaridan sizib, boshimni ho’l qildi. Tashqaridagilarning gap-so’ziga quloq tutdim. Do’stlarimning ba’zilari savdo-sotiq sustligini, ayrimlari esa milliy terma jamoaning oxirgi o’yinini muhokama qilishardi. Tobutimni ko’tarib borayotgan boshqa biri esa, yonidagiga shivirlab:

- Rahmatlining ters fe’li, o’lganida ham ayon bo’ldi, dedi. - Shilta ho’l bo’ldik, og’ayni!

Yanglish eshitmayotgandim. Bu do’stlarimning necha-necha oromini buzgandim.

Safar tugab, tobutim yerga tushirildi. Tobutdan, jonsiz tanamni tutgan qo’llar, meni tubiga suv to’plangan chuqurga tushirdi.

Yotgan joyimdan atrofimga qaradim.

“Yo Alloh! Shunchalikmidi? Shu paytgacha bu yerga kirishimni nega o’ylamadim? Sassiz faryodimni hech kimsa eshitmas, do’stlarim meni ko’mish taraddudiga tushishdi. Yana o’sha zulmat qorong’ulikda qoldim va ojiz holimcha duo qilmoqchi bo’ldim:

- Yo Rabbim! Yana bir imkon bersang bo’lmasmi, Sen istaganingday, Sen rozi bo’ladigan bandalaringdan bo’lardim. Qabrimni jannat bog’chalaridan biriga aylantirardim. Shunda o’sha ovoz avvalgilaridan shiddatli tusda: “Tugadi, tugab-bitdi hammasi!” dedi.

Qabrimni yopgan taxtalar ustiga otilayotgan tuproq ovozi momoqaldiroqqa o’xshar va butun borlig’imni qoplab olgan edi.

Shiddat bilan o’rnimdan sapchib turib, ko’zlarimni ochdim. Xonamdagi halovatli yotog’imda yotibman. Vo ajab, dahshatli tush ko’ribman. Bosh tomonimda o’tirgan doktor o’rtog’im, meni o’rnimga yotqizishga urinib:

- Orqada qoldi, o’tib ketdi! Hammasi ortda qoldi!, dedi.

Yotgan joyimdan ohista qo’zg’aldim. Terdan jiqqa ho’l bo’lib, yigirma kiloga ozgandek edim. Go’yo, tashqarida jala quyar, chaqmoq va momaqaldiroqdan butun boshli uy chayqalardi.

Atrofimdagilarning hayratli nigohlari ta’qibida o’zimni qo’lga olishga urinib:

- Yo Rabbim, Senga, Ulug’liging qadar shukrlar bo’lsin!, dedim ko’z yoshlarimni to’xtatolmay. - Solih bandang bo’lishim uchun bir imkon bermasang, nima qilardim-a?...

Turk tilidan Umida Adizova tarjimasi

Manba: Azon.uz