Do'kon

Bu ham o’tadi

  • Bo'lim: BLOG

Bir darvesh uzoq va horg’in yo’lovchilikdan keyin bir qishloqqa tushibdi. Qishloqdagilardan o’ziga yegulik va yotoq beradigan biror kim bor-yo’qligini so’raydi. Qishloqdagilar o’zlarining faqir va uylari kichikligini aytib, uni Shokir ismli bir kishining hovlisiga jo’natishibdi. Darvesh yo’l-yo’lakay qishloqdagilardan Shokirning o’sha hududdagi eng badavlat odamlardan biri ekanini bilib olibdi. O’sha hududda Haddod ismli yana bir boy bo’lgan ekan.

Shokirning hovlisida Darveshni juda yaxshi kutib olishibdi. Darvesh qornini to’ydiribdi, chanqog’ini qondiribdi va yotib dam olibdi. Shokir va uning yaqinlari mehmonnavoz va bag’rikeng insonlar ekan. Darveshning yo’lga chiqadigan vaqti bo’libdi, Shokirga minnatdorchilik bildirib, xayrlashayotganida “Shunday badavlat bo’lganing uchun har doim shukr qil” debdi. Shokir darveshning yelkasiga qo’l tashlab jilmayibdi:

- Hech bir narsa shundayligicha qolmaydi. Ba’zan ko’ringan narsa haqiqat bo’lib qolmaydi. Bu ham o’tkinchi...

Darvesh yo’l davomida bu jumlani uzoq mushohada qilibdi.

Oradan bir necha yil o’tib, darveshning yo’li yana shu hududga tushibdi. Shokirni eslabdi va uni bir ko’rib o’tmoqchi bo’libdi. Qishloqdagilarni uchratib undan Shokirni so’rabdi.

- Haaa, Shokirmi? - deyishibdi qishloqdagilar. - U juda ham faqirlashib qoldi, hozir Haddodning yonida ishlayapti.

Darvesh shu zahoti Haddodning maydoniga boribdi va Shokir bilan uchrashibdi. Eski do’sti keksaygan, ustida eski-tuski kiyimlar ilib olgan ekan. Yerlari ham unumdorligini yo’qotgani uchun chorasiz qolib, seldan zarar ko’rmagan, yana-da boyib ketgan Haddodning yerlarida ishlayotgan ekan. Shokir va oilasi uch yildan beri Haddodning xizmatkorlari bo’lib ishlayotgan ekan.

Shokir bu safar juda g’arib ahvoldagi uyida mehmon qilibdi. Va o’zlari qanoat qilayotgan bor-yo’g’ini dasturxonga qo’yib, darveshga ikrom etibdi. Xayrlashayotganda darvesh Shokirga bo’lgan voqealardan xafa bo’lganini aytgan ekan, Shokirdan shunday javob olibdi:

- Xafa bo’lma. Buyam o’tib ketadi...

Yetti yildan keyin darveshning yo’li yana shu tomonlarga tushibdi. Va so’nggi voqealarni eshitib hayratda qoladi. Haddod bir necha yil oldin vafot etgan, oilasi bo’lmagani uchun butun mol-dunyosini eski do’sti va xizmatkori Shokirga vasiyat qilgan ekan. Shokir Haddodning qo’rg’onida yashar, uning cheksiz yerlari va minglab sigir-buzoqlari bilan qishloqning eng badavlat odamiga aylangandi.

Darvesh eski do’stini bunday ko’rganidan xursandligini aytganida yana o’sha javobni eshitibdi: “Bu ham o’tib ketadi”.

Bir necha yil o’tib darvesh yana Shokirni ko’rmoqchi bo’libdi. Unga bir tepalikni ko’rsatishibdi. Tepada Shokirning mozori bor ekan va toshda shunday yozilgan ekan: “Bu ham o’tadi”.

Darvesh “O’limning nimasi o’tar ekan?” deb o’ylabdi. Keyingi yil Shokirning qabrini ziyorat qilish uchun kelibdi. Lekin tepalikda qabr ko’rinmasmish. Keyin surishtirib kuchli sel kelganini, tepalikni supurib-sovurib ketganini, Shokirning qabri ham tekislanganini biladi.

O’sha yillarda yurtning sultoni o’ziga hech kimda bo’lmagan bir uzuk yasatmoqchi bo’ladi. Shunday uzuk bo’lishi kerak ediki, sulton tushkunlikka tushganida unga qarab ko’ngli ko’tarilishi, xursandchilikda esa butkul o’zidan ketib qolmasligi kerak bo’ladi.

Hech kim sultonning istagini amalga oshiradigan bunday uzukni yasay olmaydi. Bir kuni sultonning odamlari donishmand darveshni topishadi-da, undan yordam so’rashadi. Sulton uzuk orzusidan hamon voz kechmagan edi. Darvesh sultonning zargariga bir maktub yozib murojaat qiladi. Qisqa fursatda uzuk sultonga taqdim etiladi. Sulton avvaliga hech narsaga tushunmaydi. Chunki bir qaraganda boshqalardan farq qilmaydigan oddiy va jo’n uzuk ekan. Shu xayolda uzukka tikilarkan ustidagi yozuvga ko’zi tushibdi. Biroz o’yga botibdi va yuzida favqulodda bir sevinch balqibdi. Uzukning ustida “Bu ham o’tadi” degan yozuv qayd etilgan ekan...

Qissadan hissa: Hayot bir tekis davom etadigan yo’lovchilik emas. Tushish va chiqishlari ko’pdir. Hayot yo’lovchiligida davom etadigan har bir kishining ustiga “Bu ham o’tadi” degan yozuvli uzukka ehtiyoji bor...

Umida Adizova tarjimasi

Manba: Azon.uz