Do'kon

2019 yil 1 yanvardan ko’chaga tupurganlar ham jarima to’laydi

2019 yil 1 yanvardan boshlab Qirg’izistonda ko’chaga tupurganlik uchun jarima solinadi. Bishkek shahar merligi shaharliklarni ushbu qoida kuchga kirayotgan Qoidabuzarliklar to’g’risidagi kodeksdan o’rin olgani haqida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Xalq so’zi.

Yangi norma haqida 20 dekabr kuni merlik tomonidan tashkil etilgan “Toza havo uchun!” ommaviy aksiyasida e'lon qilindi. Sanitariya-ekologiya inspeksiyasi xodimlari, OTM talabalari ichidan ko’ngillilar va boshqa faollar poytaxt ko’chlaridan trolleybusda o’tib, fuqarolarni ekologiyani asrab-avaylashga chaqirgan.

Xususan, shu bo’yicha plakatlarda 2019 yil 1 yanvaridan Qoidabuzarliklar to’g’risidagi kodeks kuchga kirishi haqidagi ma'lumot joy olgan. Shahar obodonchiligi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshiriladi. Shuningdek, unga “Tupurish” bandi ham qo’shilgan bo’lib, undagi jarima narxi 5500 som etib belgilangan.

Yangi kodeks 2018 yil avgust oyida qabul qilingan edi. Uning 71-moddasiga muvofiq, tupurish maishiy chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash va yoqish bilan tenglashtiriladi, unga uchinchi kategoriyadagi jarima belgilanmoqda.

Ayni paytda bu toifadagi jarima miqdori 5500 som (78,8 AQSh dollari)ga teng. Sanoat chiqindilarini tashlash va yoqish, shuningdek, xazonlarni yoqish esa to’rtinchi kategoriyadagi jarima bilan jazolanadi. Ya'ni buning uchun 7,5 ming som(107,4 dollar) to’lanadi.