Do'kon

Katta pul keltirgan oddiy g'oyalar

Har yili sayyoramiz bo’yicha milliarderlar soni ko’payib bormoqda. Quyida ba’zi oddiy insonlarning qay tariqa boyib ketishgani haqida hikoya qilamiz.

Parvarish talab qilmaydigan jonivorlar

Ko’pincha ajoyib g’oyalar hordiq paytida kelishi hech kimga sir bo’lmasa kerak. AQShning Kaliforniya shtati Los-Gatos shahrida istiqomat qiluvchi 39 yoshli Geri Dal bilan ham shunday bo’ldi. Uning do’stlari uy hayvonlari haqida suhbatlashishar ekan, jonivorlarga qarash uchun juda ko’p vaqt va kuch sarflashlaridan shikoyat qilishdi.

Bu voqea o’tgan asrning 70-yillarida: klyosh jinsilar, tungi diskotekalar, Vetnamdagi urush, Amerika iqtisodidagi nisbatan pasayish davrida sodir bo’lgan. Ana shunday paytda Dal odamlar uchun yangi ermak topishga va shu bahonada biroz pul ishlab olishga ahd qildi. U bozorga “Pet Rock”, ya’ni “tosh uy hayvoni” deb nomlangan tovar taqdim etdi. Aslida esa Dal Meksika plyajlaridan biridan keltirilgan toshlarni sotuvga chiqargandi.

O’zi reklama agenti bo’lib ishlagani bois Geri har qanday g’oyani oliy darajada taqdim etishni bilardi. Shuning uchun u tosh hayvonlarga qanday qarash kerakligi haqida 30 sahifadan iborat qo’llanma yozdi va o’zining “jonivorlarini ideal uy hayvonlari deb atadi. Chindan ham, tosh hayvonlar egasidan ortiqcha e’tibor va parvarish talab qilmas, ularni ovqatlantirish, sayrga olib chiqish yoki davolash kerak emasdi. Qo’llanmada ularni qanday parvarishlash va hatto o’rgatish bo’yicha ham tavsiyalar berilgandi. Xususan, tosh jonivorlar “o’tir”, “yot”, “jim” va “bos” kabi so’zlarni tushunishi yozilgandi. Ayniqsa, tosh hayvon egasi “bos” so’zidan foydalangan holda o’zini bezorilardan himoya qilishi mumkin edi. Buning uchun qo’llanmada qo’lni cho’ntakka solish va tosh jonivorni olib, unga “Bos!” deya buyruq berib, zo’ravonning boshiga urish kerakligi bitilgandi. Bundan tashqari, uddaburon ixtirochi o’z tosh hayvonlari uchun kartondan yasalgan uychalar ham o’ylab topdi.

Ajablanarlisi, ushbu xatarli ishga pul tikish istagidagi sarmoyadorlar ham darrovda topila qoldi va 1975 yilgi Yangi yil bayramiga kelib tosh hayvonlar savdosi rosa avjiga chiqdi. Bunday o’ziga xos sovg’ani 3,95 dollarga xarid qilish mumkin edi. Bir necha oy ichida Dal hamkorlari bilan birgalikda bunday o’yinchoqlardan bir yarim million donadan ortig’ini sotishga erishdi va oradan ko’p o’tmay millionerga aylandi. Aytgancha, oradan ikki yil o’tib, ushbu g’oya eskirdi va tosh hayvonlar savdosi susaya boshladi. Dal esa yiqqan pullariga unchalik katta bo’lmagan qahvaxona sotib olib, yana avvalgi ishiga - reklama agentligiga qaytdi.

Qalovini topsang qor ham yonadi

1995 yili Rik Shvars keyinchalik ommalashib ketishi taxmin qilingan bir necha domen nomlarni ro’yxatdan o’tkazdi. Rik mazkur resurslarga reklama joylashtirar va bu ish unga ma’lum miqdorda foyda keltirardi.

Ammo keyinroq reklama joylashtirishdan ham ko’ra domen nomlarni sotish foydaliroq ekani ma’lum bo’ldi. 1995 yili Shvars 20 ta domenining har birini 500 ming dollardan sotishga erishdi. Ayniqsa, “Men.com” (1,3 million dollar) hamda 1997 yilning boshida taxminan 10 ming dollar evaziga xarid qilingan “Candy.com” (uch million dollar) ning sotilishi unga juda katta mablag’ keltirdi. Shuningdek, yana bir domen - 100 dollarga olingan “iReport.com” ham uddaburon Shvars tomonidan CNNga 750 ming dollarga pullandi.

Tirik reklama?!

Amerikalik Jeyson Sedler o’zi bilan birga olib yuradigan reklama tufayli boyib ketgan. Qanday qilib deysizmi? 2009 yili Sedler “iwearyourshirt.com” deb nomlangan sayt yaratdi. Ushbu saytning nomini o’zbek tiliga tarjima qilsangiz “Men sening futbolkangni kiyib yuraman”, degan ma’noni bildiradi. Jeyson kompaniyalarga ushbu libosda ularning logotipi, belgilari va boshqalarni reklama qilishni taklif qildi.

Jeysonning reklama “maydoni” antiqa shartlarda sotilardi va xizmat narxi ham kundan-kunga ortib borardi: birinchi kunlari Sedler reklama libosida bir dollar evaziga yurishga rozi bo’lsa, ikkinchi kun ikki dollar, uchinchi kun uch va shu tariqa narxlar to 365 dollargacha o’sib borardi. Ya’ni yil bo’yi - 1 yanvardan 31 dekabrgacha.

Ushbu reklama turiga talabgorlar rosa ko’p bo’ldi: kompaniyalar g’oya muallifiga reklama bitilgan o’z futbolkalarini taqdim etishdi. Natijada Sedler bir yil ichida salkam 80 ming dollar ishladi. Reklamali futbolkalar shunchalik foydali ish ekanini anglagan Jeyson keyinroq o’ziga yordamchilar oldi va turgan gapki, kelgusi yilning birinchi kunini ikki dollardan boshladi. Oradan yana bir yil o’tgach esa bu raqam besh dollarga o’zgardi. Shu tariqa 2010 yilda Sedler ixtiyorida bo’lgan reklama “maydoni” (uning yordamchilarini ham hisobga olganda) yarim yilga avvaldan sotib bo’lingan edi. Xullas, 2011 yilning 31 dekabr kuni Sedler 1825 dollar evaziga reklamali futbolka kiydi. 2013 yilga kelib Sedlerning foydasi yuz ming dollarlab hisoblandi, uning sayti esa shunchalik ommalashdiki, omadli ishbilarmon internet-resursiga ham reklama joylashtirib yaxshigina daromad ola boshladi.

Omadi kelgan ko’cha artisti

Sirk artisti Gi Laliberte Kanada ko’chalarida tomosha ko’rsatib kun ko’rardi. U og’zidan olov chiqarar, akkordeon chalar, yog’ochoyoqda yurardi. Kunlarning birida Gi o’z do’stlari - ko’cha artistlarini yig’di va mahalliy hukumat tomonidan berilgan grant evaziga o’zida turli sirk janrlari hamda usullarini jamlagan “Cirque du Soleil”ga asos soldi hamda keyinchalik dunyoning eng omadli va ommaviy sirk guruhiga aylandi.

“Cirque du Soleil” tomoshalariga 90 milliondan ortiq insonlar tashrif buyurgan. Shoudan tushgan yillik daromad esa 800 million dollardan ko’proqni tashkil etadi. Ayni paytda Lalibertening 1,8 milliard dollardan ziyod puli bor.

2009 yili Gi Laliberte yettinchi fazo sayyohi sifatida xalqaro kosmik stansiyasida bo’lib qaytdi.

Foyda keltiruvchi talabalar

63 yoshli kanadalik milliarder Devid Cheriton 1981 yildan boshlab Stenford universitetida informatikadan saboq beradi. Devidning umumiy boyligi 3,3 milliard dollardan oshiqroq.

Devid bunchalik katta pulni o’ziga xos tarzda ishlab topgan. Ya’ni professor butun umri davomida universitet talabalari biznes-rejalari va g’oyalariga sarmoya tikib, ularning ko’tarilib olishiga ko’maklashgan. Keyin esa o’zining aksiyadagi ulushini katta pulga sotgan. Shunday sarmoyalardan biri, ayniqsa, juda omadli chiqqan. Larri Peyj va Sergey Brin Google”ga asos solish g’oyasi bilan chiqishganda Devid Cheriton ularga 100 ming dollar bergan. Birgina ushbu sarmoya keyinchalik professorga milliard dollar foyda keltirgan.

Ma’lumot o’rnida: Devid Cheriton g’oyasini qo’llab-quvvatlab investitsiya kiritgan “Google kompaniyasi asoschilari Sergey Brin hamda Larri Peyjning boyligi 40,6 milliard dollar bo’lib, bu ularning har birida 20,3 milliard dollar pul borligini bildiradi. Bu ikki milliarder hozir 40 yoshda. Ular 2018 yilgi “Forbes” jurnali tuzgan eng boy amerikaliklar ro’yxatida 13-o’rinda tushiradi.

Manba: Hordiq.uz