Do'kon

DUNYONING ENG QUDRATLI 10 AYOLI (FORBES 2013)

Tarixdan ma’lumki, kuch-qudrat va hokimiyat ko’p hollarda erkaklarga tegishli bo’lgan. Ayollar esa barcha davrlarda erkaklarning soyasida bo’lib kelishgan. Lekin hokimiyatni o’z qo’liga ola bilgan ayollar bo’lgani ham haqiqat. Doro I ni tor-mor etgan malika To’maris,  Xitoy qirolichasi Vu Zitsyan, Misr malikasi Kleopatra, qirolicha Yekaterina, qirolicha Viktoriya kabi ayollar jahon tarixida o’chmas iz qoldirishgan. Ushbu maqolada sizga hozirgi davrning qudratli ayollari, hokimiyat va ta’sir doirasi eng qudratli erkaklar bilan bir qatorda turadigan xonimlar haqida hikoya qilamiz.

#10 Indra Nooy

PepsiConing bosh direktoriga aylangan Nooyi xonim dunyoning eng yirik tadbirkor ayollaridan. Kursiga o’tirganidan beri PepsiCoda turli o’zgarishlar qilib kelmoqda. Kompaniyaning daromadi ham salmoqli darajada ortgan. Nooyi xonim Coca-Cola bilan raqobatlashadigan ichimlik tarkibi ustidagi tadqiqotlani qo’llab-quvvatlab kelmoqda.

#9 Sonia Gandi

Familiyasidanoq Hindistondagi eng qudratli oilalardan biriga mansubligi kundek ravshan. Hindistonni boshqarayotgan partiya – Hindiston Milliy Kongressining prezidenti bo’lib, mintaqada juda katta kuch-qudrat va ta’sirga ega.

 

#8 Janet Napolitano

Janet Napolitano AQShda istiqomat qiladi. Byudjeti $48 mlrd.ga teng bo’lgan AQSHdagi uchinchi eng yirik idora – AQSH Ichki Xavfsizlik departamentiga rahbarlik qiladi. Qo’l ostida 240 000 xodim va 22 agentlik bor.

 

#7 Kristina Lagard

Ro’yxatning 9-pog’onasidan joy olgan Lagard xonim – fransiyalik. 58 yoshni qarshilagan bu ayol hozirda Xalqaro Valyuta Fondining ijrochi direktori hisoblanadi. U, shuningdek, Fransiya hukumatida Savdo vaziri, Iqtisodiy aloqalar vaziri kabi lavozimlarda mehnat qilgan. Financial Times gazetasi 2009-yilda Kristina Lagardni Fransiyaning eng yaxshi vaziri deb e’lon qilgan.

 

#6 Sheril Sendberg

44 yoshli ushbu xonim AQSHda istiqomat qiladi. Dunyoda eng ommalashgan ijtimoiy tarmoqlardan hisoblangan Facebookning direktorlar kengashi a’zosi bo’lgan Sendberg xonim axborot texnologiyalari sohasida katta mavqe va ta’sirga ega. Uning qarorlari ushbu sohada mehnat qilayotgan 100 millionlab odamlarning faoliyatiga ta’sir qiladi.

 

#5 Hillari Klinton

AQSHning sobiq birinchi xonimi Hillari Klinton, AQSH davlat kotibi lavozimidan allaqachon iste’fo bergan bo’lsa-da, hamon Yer yuzidagi eng qudratli ayollardan hisoblanadi. Diplomatik qobiliyati bilan dunyoga mashhur.

 

#4 Mishell Obama

Barak Obamaning rafiqasi, AQSHning birinchi xonimi Mishell Obama ham Garvard universitetini tamomlagan. Hozirda nochor odamlarga yordam berish, oziq-ovqat ta’minoti kabi sohalarda mehnat qilmoqda. AQShning 67% aholisi unga ijobiy munosabatda, bu borada u eridan o’zib ketgan: Barak Obamaga  47% aholi ijobiy munosabatda.

 

#3 Melinda Geyts

Amerikalik bu ayol gumanitar sohada faoliyat yuritadi. Yer yuzidagi ikkinchi eng boy inson Bill Geytsning rafiqasi bo’lib, sog’liqni saqlash va ta’lim sohasidagi hayriya ishlari bilan mashhur.

 

#2 Dilma Russef

Dilma Rusself Braziliya prezidenti. Bu lavozimga saylangan ilk ayol. 2010-yildan beri Braziliyani boshqarmoqda. Demokratik Ishchilar Partiyasiga asos solgan bu ayol Braziliyadagi eng qudratli ayol hisoblanadi.

 

#1 Angela Merkel

Angela Merkel Germaniya Kansleri va dunyodagi eng qurdatli ayol. Kansler lavozimini egallagan birinchi ayol. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining norasmiy lideri hisoblanadi. Yevrozonaning iqtisodiy inqirozdan chiqib ketishida Angela Merkelning roli katta bo’ldi.

Manba: turfaolam.uz